Bosh konsulxona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh Konsulxonasi

“MOTURIDIYLIK TA’LIMOTI VA HOZIRGI ZAMON” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium


2021-yil 16-iyunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy simpozium onlayn tarzda o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda jahon ilm-fani rivojiga bebaho hissa qo‘shgan mutafakkir allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini o‘rganish, ularning ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan  Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli islohatlarning muhim tarkibiy qismidir.

O‘zbekiston zamini qadimdan ilmu-ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkir allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ko‘plab qomusiy olimlar islom ilmlari bilan bir qatorda, dunyoviy fanlar taraqqiyotiga, xususan, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Ana shunday buyuk allomalar qatoridan joy olgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini hamda moturidiylik ta’limotini xalqaro jamoatchilikka yetkazish maqsadida Imom Moturidiy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Malayziya islomni anglash instituti, Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi, Saljuk universiteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi singari xorijiy ilmiy muassasalar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot-markazi, Imom Termiziy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.

Ushbu xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoshida tashkil etilgan Xalqaro ilmiy  hay’at a’zolari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti vakillari, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etdilar.

Shuningdek, simpoziumda Misr Arab Respublikasi, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Shvesiya, Fransiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Malayziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Afg‘oniston kabi o‘ndan ziyod davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar ham ishtirok etdilar.

Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati: moturidiy allomalarining ushbu ta’limot rivojidagi o‘rni, moturidiylik ta’limotining mo‘tadillikni ta’minlashdagi ahamiyati, Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va moturidiylik ta’limotida aqidaviy masalalarning yoritilishi yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik ta’limotining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildilar. Xususan, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy masalalarga yechim topishda moturidiylik ta’limotining o‘rni va ahamiyati, ushbu ta’limotning mo‘tadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur simpozium ishi doirasida Imom Moturidiy va moturidiy allomalarining ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Simpoziumda Markaz tomonidan nashrga tayyorlangan Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” 29-juzi, Mulla Ali Qoriyning “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Al-Hidoya”, “Yurtimiz allomalari rukni ostida 10 ta risola”, “Xalqaro islom tashkilotlari”, “Mutaassiblikka qarshi mo‘tadillik: metod va tahlillar” “Dolzarb raddiyalar”, “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar” kabi bir qator kitoblar, shuningdek, “Moturidiylik” ilmiy-ma’rifiy jurnalining nishona soni taqdimoti o‘tkazildi.

 Simpoziumda qatnashgan xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan ishtirokchilarning ma’ruzalari hamda boshqa ilmiy natijalar alohida to‘plam shaklida nashr etilishi ma’qullandi.

Shu bilan bir qatorda, talabalar o‘rtasida “Imom Moturidiy izdoshlari” rukni ostida tashkil etilgan tanlovning eng yaxshi maqola, eng yaxshi videorolik, eng yaxshi infografika nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.

Yosh tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida, simpozium doirasida doktorantlar, tadqiqotlar hamda talabalar uchun “Imom Moturidiy yosh tadqiqotchilar nigohida”, “Zamonaviy islomshunoslik muammolari” deb nomlangan alohida sho‘balar tashkil etildi. Ularda Respublikaning turli ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlaridan yosh tadqiqotchilar o‘z maqolalari bilan ishtirok etdilar.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi moturidiylik ta’limotini jahonga tanitish hamda islom olamida mo‘tadil ta’limotni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

 markazi matbuot xizmati